O'qishni qanday boshlash bo'yicha birinchi kurslar uchun eng yaxshi qo'llanma — ultimate guide )
2 min read
Birinchi kursni, ayniqsa, birinchi semestrni qanday o'tkazish 4 yil davomidagi katta narsani hal qiladi. Bugun shu narsa haqida yozishga qaror qildim.
1. Universitet haqida (ko'p gapirilgan) haqiqatlar
— Universitet sen orzu qilgan joy emas
— Talabalik ham sen tasavvur qilgan "oltin davr emas"
— Universitet payti uchun o'ylab qo'ygan rejalaringni yarimini ham qila olsang katta gap
— "Universitet o'qishing uchun maksimal halaqit beradi" ©️
Sening yutug'ing — sen bularni bilasan. Bularga tayyor bo'la olasan. Universitet esa senga kerak, aniqrog'i u yerdagi 4 yil vaqtdan unumli foydalanishing kerak.
2. Birinchi semestrni qanday o'tkazish kerak
— Abiturientlik payti "Talaba bo'lvolay qilib tashlayman" degan orzularingni (ingliz tili, IELTS, zalga chiqish, bir oy cho'zilib yotish..) bir muddat chetga surib tur
— Birinchi ikki oy muddatni o'qishga moslashib olish va ustozlarda ilk taassurotni yaxshi qoldirish uchun sarfla
— Niyati faqat o'qish bo'lganlar orasidan do'st top, ular bilan birga vaqt o'tkaz, xonadosh bo'l. Bu juda muhim!
— Iloji boricha kutubxonadan yoki internetdan kerakli adabiyotlarni tezroq topib, olib qo'y
— Mayda vazifalarni ortga surib yurma, chunki imtihon payti katta vazifalar bilan yig'ilib seni dovdiratib tashlaydi
— Keyingi ikki oyda keyingi semestrdan boshlab qilmoqchi bo'lgan ishlaringni rejalashtir va ularga zamin yaratib bor. O'zingga mos kurslar, zallar, sport maydoni va hokazolarni ko'rib chiq.
— Birinchi semestrni imkon boricha balandroq bahoga yop. Ammo baho olish eng qiyin bo'ladigan semestr shu bo'lishiga ham tayyor tur.
— Keyinchalik chetda o'qish niyating bo'lsa, "Bahoning ahamiyati yo'q" degan cho'pchak va bahonalarni yig'ishtir
— Guruhdoshlaring bilan raqobat emas, hamkorlik qil.
— Barcha narsani qilishga o'zing ulgurmaysan. Imkon borida kimgadir qildir yoki eng yaqin do'stlaring bilan kelishgan holda vazifalarni taqsimla
3. Qo'shimcha tavsiyalar
— Ishlama! Bilaman, katta bo'lib qolgansan. Bilaman, uydan pul olishga uyalasan. Bilaman, ular shundoq ham kontraktingni to'layapti. Lekin talabalik sohangda mutaxassis bo'lish uchun oxirgi davr. Vaqtni shunga sarfla. Undan keyin xohlamasang ham ishlaysan.
— Uydagilardan pul olayotganda uyalsang, ularga va'da ber. Ertaga shu pullarini ortig'i bilan qaytarishga, zo'r mutaxassis bo'lishga va'da ber. Keyin esa vadangni bajar!
— Abiturientlik paytingdagi rejimingni o'chirib qo'yma! Oylab vaqtingni shunchaki divanda kino ko'rish bilan yoki kechasi bilan PUBG o'ynash bilan o'tkazib yuborma. Uydagilardan pulni buning uchun olmayapsan.
— Har bir haftangni, kuningni oldindan rejalashtirishga odatlan! Unutma, aslida hammasiga ulgurish mumkin. Eng kamida sen o'ylaganingdan ko'ra ancha ko'prog'iga. Bunga o'rganish uchun esa #time_management tegi bilan yozgan postlarimni o'qishni boshla.
— Postni hech bo'lmaganda bitta talaba bo'lgan do'stingga yoki uka/singlingga ulashib qo'y ))
P.S: "Senlab" yozganimga hafa bo'lmaysizlar. O'zimning ukam bo'lganda, u bilan kamida shunaqa gaplashardim...
#studentlife